Tinchlik – neʼmat, fidoyilik – sharaf: ijod va maʼrifat uyg‘unligidagi uchrashuv

20.09.2025 1 marta ko'rilgan

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida inson maʼnaviyatini yuksaltirish, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, maʼrifatli va vatanparvar avlodni tarbiyalash muhim o‘rin tutadi. Bu borada turli ijtimoiy-siyosiy tadbirlar, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida tinglovchilar uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, taniqli shoir Minhojiddin Hojimatov ishtirokida “Tinchlik – neʼmat, fidoyilik – sharaf” mavzusida ijodiy uchrashuv tashkil etildi.

Tadbir davomida taniqli shoir so‘z erkinligi, tinchlikning qadri, inson va jamiyat masʼuliyati, fidoyilik va vatanparvarlik kabi mavzularda so‘z yuritib, o‘z ijodidan namuna sifatida bir qator sheʼrlar o‘qib eshittirdi. Shuningdek, u adabiyotning inson ongi va qalbiga taʼsiri, ijodning tarbiyaviy va maʼnaviy ahamiyati haqida fikrlarini bayon etdi.

Ijodiy uchrashuv muloqot tarzida o‘tkazilib, tinglovchilarning savollariga atroflicha javoblar berildi. Ushbu uchrashuv ishtirokchilarning nafaqat bilim doirasini, balki maʼnaviy salohiyatini oshirishda ham muhim o‘rin tutdi.

Tadbir yakunida Minhojiddin Hojimatovga Institut boshlig‘i polkovnik Olimjon Axmedov o‘zi, institut jamoasi va tinglovchilar nomidan minnatdorlik bildirilib, uning ijodi va faoliyatiga yuqori baho berildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bunday ijodiy uchrashuvlar ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish, yuksak maʼrifat egasi bo‘lgan shaxslar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa ularning xizmat faoliyatida ham o‘z ifodasini topadi.

Institut Matbuot xizmati