<

Kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o‘qishga kirish uchun tanlov

Fakultetga kimlar qabul qilinadi.

Fakultetga harbiy xizmat o‘tagan (erkaklar uchun) va oliy ma’lumotga ega, yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, shu jumladan o‘ttiz yoshdagi ham, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari qabul qilinadi («huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati» mutaxassisligiga faqat kamida ikki yillik amaliy stajiga ega ichki ishlar organlarining xodimlari qabul qilinadi).

Fakultetga o‘qishga qabul qilish.

Fakultetga tanlov teng huquqlilik, adolatlilik, oshkoralik va o‘qishga qabul qilishning yagona qoidalari asosida bosqichma-bosqich bo‘lib, dastlabki tanlov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyat ichki ishlar boshqarmalarida (keyingi o‘rinlarda tarkibiy tuzilmalar va hududiy bo‘linmalar deb yuritiladi) hamda maxsus-professional tanlov Institutda amalga oshiriladi.

Dastlabki tanlovda quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:

- hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;

- umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;

- tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.

Fakultetda o‘qish istagida bo‘lgan ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari dastlabki tanlovning faqatgina hujjatlarni to‘plash va o‘rganish tadbirlarida ishtirok etadi.

Institutda maxsus-professional tanlov bo‘yicha quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:

- hujjatlarni o‘rganish;

- tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

- nomzodning intellektual bilim darajasini baholash;

- yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

Fakultetga o‘qishga kirish uchun arizalar (bildirgilar)ni qabul qilish muddati bir oy etib belgilanadi.

Arizalar (bildirgilar)ni qabul qilish vaqtining boshlanishi va tugashi vazirning fakultetga nomzodlar tanlovini tashkil etish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

- nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

- anketa (o‘zi va yaqin qarindoshlari to‘g‘risida ma’lumot).

Arizani qabul qilgan ichki ishlar organi xodimi mazkur bandda ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini tekshirib oladi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining bildirgisiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

- qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

- anketa (so‘rovnoma).

Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash.

Nomzod yigitlar quyidagi mashqlarni bajaradi:

to‘sinda tortilish;

100 metrga yugurish;

3000 metrga yugurish.

Nomzod qizlar quyidagi mashqlarni bajaradi:

kuch ishlatish mashqlari kompleksi;

100 metrga yugurish;

1000 metrga yugurish.

Qish mavsumida nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlari zarur darajada jihozlangan yopiq joylarda (zallar, maydonchalar va h.k.) o‘tkaziladi, qish mavsumida ob-havo qulay bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Bunday hollarda barcha nomzodlar 100 metrga yugurish mashqi o‘rniga 10 x 10 metrga mokkisimon yugurish mashqini, nomzod yigitlar 3000 metrga yugurish mashqi o‘rniga 1000 metrga yugurish mashqini, nomzod qizlar 1000 metrga yugurish mashqi o‘rniga 400 metrga yugurish mashqini bajaradi.

Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarning intellektual bilim darajasini baholash.

Test sinovi quyidagi uchta blok bo‘yicha test topshiriqlaridan iborat:

birinchi blok — axborot texnologiyalari, 20 ta savol;

ikkinchi blok — xorijiy til (ingliz tili), 20 ta savol;

uchinchi blok — nomzodning intellektual bilim darajasini aniqlash (IQ), 20 ta savol.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘tkazish.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbatda nomzod 3 ta savoldan iborat biletga javob beradi. Biletda:

birinchi savolda — O‘zbekiston tarixi bo‘yicha;

ikkinchi savolda — huquqshunoslik fani bo‘yicha;

uchinchi savolda — tarbiya fani bo‘yicha masala beriladi.

Nomzodning 3 ta fan bo‘yicha savollarga bergan javobi «100» ballik tizimda baholanadi.

Nomzodning har bir fan bo‘yicha savolga bergan javobi quyidagicha aniqlanadi:

birinchi savol uchun — 40 ballik tizimda;

ikkinchi savol uchun — 40 ballik tizimda;

uchinchi savol uchun — 20 ballik tizimda.

Savollarning birortasiga ham to‘g‘ri javob berilmagan bo‘lsa — 0 ball qo‘yiladi.