O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida navbatdagi boshling‘ich kasbiy tayyorgarlik kursi yakunlanishi munosabati bilan 270 nafarga yaqin tinglovchilarning bitiruv tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik mutasaddilari, Bektemir tumani hokimiyati va huquqni himoya qiluvchi organlari xodimlari, Institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilarning ota-onalari, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv kursi davomida tinglovchilarga umumiy tayyorgarlik, umumkasbiy tayyorgarlik va maxsus fanlardan puxta bilim berilib, ularning yuksak kasbiy hamda jangovar-jismoniy ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaritildi. O‘quv mashg‘ulotlari zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda interfaol usullarda olib borildi.
O‘qish davomida ular nafaqat kasbiy, jangovar-jismoniy, balki ma’naviy-axloqiy bilimlarni mukammal egallab, o‘z mahoratlarini muntazam oshirib bordilar. Tinglovchilar bilan reja asosida madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkazilib borildi.
O‘quv kursi yakunida o‘tkazilgan sinov va imtihonlar natijasiga ko‘ra tinglovchilarning barchasi sertifikatga loyiq deb topildi.
Saf maydoniga orkestr sadolari ostida Institut jangovar bayrog‘i olib kirilgach, bitiruvchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi.
- Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida 3 (uch) oy davomida biz yuridik, kasbiy, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar va jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘ldik, deydi bitiruvchi leytenant Xusan Oqbo‘taev. – Fuqarolarga qonun doirasida xizmat ko‘rsatish, turli qaltis vaziyatlarda ruhiy barqaror bo‘lish, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qo‘llash, o‘q otar qurololardan mohirona foydalanish ko‘nikmalarimiz shakllandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi, albatta, xalqni rozi qilish uchun ichki ishlar organlari xodimlari yuksak bilimli va malakali, kasb sirlarini puxta o‘zlashtirgan bo‘lishlari lozimligi e’tirof etildi.
Shuningdek, o‘quv kursi davomida o‘zining kasbiy bilimlarini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani va namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati