Boshlang'ich tayorgarlik

Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik – ichki ishlar organlaridagi xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlarda o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda ularning maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha o‘quv tayyorgarligini amalga oshirishdan iborat.

Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti (keyingi o‘rinlarda Malaka oshirish instituti deb yuritiladi) tomonidan quyidagi tartibda o‘tkaziladi:

ichki ishlar organlarining safdorlar tarkibi lavozimlariga birinchi marta tayinlangan xodimlar bilan muddati uch oygacha bo‘lgan kunduzgi va sayyor kurslarda;

ichki ishlar organlarining ofiserlik lavozimlariga birinchi marta tayinlangan xodimlar (fuqaroviy oliy ma’lumotga ega bo‘lganda) bilan muddati 3 oygacha bo‘lgan kunduzgi va sayyor kurslarda.

Kunduzgi o‘qitish shaklidagi kurslarda xodimlar Malaka oshirish instituti bazasida (o‘quv poligonida), sayyor kurslarda institutning filiallarida boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlikdan xizmatdan ajralgan holda o‘tadilar.

Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik sayyor kursida o‘qish uchun faqatgina ayol xodimalar va Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadigan ayrim lavozimlardagi xodimlarga ruxsat beriladi.

Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazish, shuningdek xizmat faoliyatida maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llash bilan bog‘liq sharoitlarda harakatlanishi va foydalanishi taqiqlanadi.

Ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilingan kundan boshlab, bir oydan kechiktirilmagan muddatda xodimlar boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun yuborilishi shart.

Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslariga uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafot etganligi va shu kabi boshqa favqulodda holatlar) o‘z vaqtida kela olmagan yoki kurs davomida uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishni to‘liq yakunlashga imkoni bo‘lmagan xodimlarning o‘qish muddati boshqa muddatga ko‘chiriladi, ular o‘z xizmat faoliyatini to‘liq tiklaganidan keyin navbatdagi kurslarda o‘qishga ruxsat beriladi.

Bunda xodim tomonidan uzrli holat yuz berganligini tasdiqlovchi hujjat va kurslarda o‘qish uchun yuborgan ichki ishlar organi rahbarining ma’lumotnomasi taqdim etilishi kerak.

Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kursini muvaffaqiyatli tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikatni olgan xodimlar jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va o‘qotar qurolni qo‘llash hamda mustaqil ravishda xizmat faoliyatini olib borish huquqiga ega bo‘ladi hamda keyingi xizmatini davom ettirish uchun o‘rnatilgan tartibda ichki ishlar organlariga yuboriladi.

Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kursi davomida o‘qishdan chetlashtirilgan (uzrli sabablarga ko‘ra chetlashtirilganlar bundan mustasno), shuningdek, tegishli sertifikatni olmagan tinglovchilarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga asosan ichki ishlar organlarida xizmatda qolish yoki qolmaslik masalasi vazirlikning tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalaridagi navbatdan tashqari attestatsiya komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqiladi.