Qayta tayorlash

Ichki ishlar organlari xodimlari boshqa turdagi kasbiy faoliyat bilan bog‘liq lavozimga tayinlanganda yoki ularni yangi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlash zarur bo‘lganida, shuningdek , safdor va serjantlar tarkibidagi xodimlarni ofiserlik lavozimlariga tayinlanishidan oldin qayta tayyorgarlikdan o‘tishi shart.

Agar xodim ilgari shu mutaxassislik lavozimi bo‘yicha ishlagan va boshqa mutaxassislik lavozimiga tayinlanib xizmatni davom ettirayotganligiga uch yil to‘lmagan taqdirda mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kursidan o‘tishi majburiy emas.

Ichki ishlar organlarining safdorlar tarkibi lavozimlarida xizmat o‘tayotgan xodimlarni (fuqaroviy oliy ma’lumotga ega bo‘lganda) ofiserlik lavozimlariga tayinlash uchun Malaka oshirish instituti bazasida (o‘quv poligonida) muddati bir oygacha bo‘lgan kunduzgi qayta tayyorlash kurslarda o‘qitiladi.

Ichki ishlar organlarining serjantlar tarkibi lavozimlarida xizmat o‘tayotgan xodimlarni (fuqaroviy oliy ma’lumotga ega bo‘lganda) ofiserlik lavozimlariga tayinlash uchun Malaka oshirish instituti bazasida (o‘quv poligonida) hamda Maxsus tayyorgarlik o‘quv markazida muddati bir oygacha bo‘lgan kunduzgi qayta tayyorlash kurslarda o‘qitiladi.

Ichki ishlar organlarining ofiserlar tarkibi lavozimlarida xizmat qilayotgan xodimlarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida (keyingi o‘rinlarda – IIV Akademiyasi) o‘qitilishi belgilangan boshqa mutaxassislik lavozimlariga tayinlash uchun muddati uch haftagacha bo‘lgan kunduzgi qayta tayyorlash kurslarda Malaka oshirish instituti bazasida (o‘quv poligonida) va uning filiallarida sayyor kurslarda xizmatdan ajralgan holda o‘qitiladi.

Ayrim ofiserlik lavozimlariga tayinlash uchun ixtisoslashgan qayta tayyorgarlik talab qilinganda, xodimlarni turdosh yo‘nalishdagi respublika oliy ta’lim muassasalari bazasida qayta tayyorlashni tashkil etish mumkin.

Qayta tayyorlash kursi tinglovchisi kurs yakunida yakuniy attestatsiyadan o‘tishi kerak, bunda attestatsiya jarayonida tinglovchi tomonidan bitiruv ishi himoya qilinishi yoki yakuniy imtihondan o‘tkazilishi mumkin.

Yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan tinglovchi o‘z xizmat joyida mustaqil ravishda o‘quv dasturini qayta o‘zlashtirganidan keyin bir oy ichida yakuniy attestatsiyani qayta topshirishiga ruxsat etiladi.

Qayta tayyorlash kursini uzrli sabablarga ko‘ra tugata olmagan tinglovchilarga navbatdagi tashkil etiladigan kurslarda qatnashishiga ruxsat beriladi.

Qayta tayyorgarlik kurslarini muvaffaqiyatli tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikat xodimlarni qayta tayyorlashga yuborilgan ofiserlik lavozimlariga tayinlash, shuningdek, ofiserlik maxsus unvoniga ega bo‘lmaganlarga birinchi “leytenant” maxsus unvonini berish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.

Qayta tayyorlash bo‘yicha beriladigan sertifikat faqat muayyan lavozimda faoliyat ko‘rsatish huquqini beradi va xodimlarni boshqa mutaxassislik talab etiladigan lavozimlarga tayinlash taqiqlanadi.

Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagog xodimlarini pedagogik qayta tayyorlash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha o‘qishga Ichki ishlar vazirining tavsiyasi asosida oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan amaldagi xodimlar belgilangan tartibda egallab turgan lavozimi va pul ta’minoti saqlab qolingan holda qabul qilinadi.