Malaka oshirish

Malaka oshirish – xodimlarning ichki ishlar organlari xizmat faoliyatiga oid kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarini uzluksiz ravishda oshirib borish, shuningdek, xodimlarga maxsus unvonlar berilishining hamda rahbarlik lavozimlariga tayinlanishining asosiy talablaridan biri sifatida o‘quv tayyorgarligini amalga oshirishdan iborat.

Malaka oshirish jarayonlari uzluksiz o‘quv-karyera jarayoni tizimi bo‘yicha quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

belgilangan rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun o‘qitish;

navbatdagi maxsus unvonlar berish uchun o‘qitish;

kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirish uchun uzluksiz o‘qitish.

Ichki ishlar organlarining ofiserlar tarkibi lavozimlarida xizmat qilayotgan xodimlarni barcha darajadagi bo‘lim boshliqlari, tuman (shahar, tarmoq) ichki ishlar organlari boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishidan oldin malaka oshirish kurslaridan o‘tishi shart.

Malaka oshirish natijasida beriladigan sertifikat faqat muayyan lavozimda faoliyat ko‘rsatish huquqini beradi, sertifikat olmagan xodimlar malaka oshirish uchun kamida bir yildan keyin qayta o‘qishga yuborilishi mumkin.

Xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar berish muddati kelishidan kamida bir oy oldin ichki ishlar organlari rahbarlari ularni maxsus malaka oshirish kurslariga yuborilishini ta’minlashi shart.

Maxsus malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, tegishli sertifikatni olgan xodimlar o‘quv attestatsiyasidan o‘tgan deb hisoblanadi hamda navbatdagi maxsus unvon olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya etiladi.

Maxsus malaka oshirish kurslariga intizomiy jazoga ega, tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasiga ega) yaxshilash uchun tavsiya etilganlar, xizmat va jangovar tayyorgarlik bo‘yicha sinovlardan qoniqarsiz baholanganlar kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar yuborilmaydi.

Maxsus malaka oshirish kurslarida berilgan sertifikatlar belgilangan maxsus unvonni olish uchun ikki yil muddatga amal qiladi.

Kredit-modul tizimi bo‘yicha mustaqil malaka oshirish - Malaka oshirish instituti tomonidan masofaviy ta’lim portalida joylashtirib boriladigan standart o‘quv modullarini barcha toifadagi xodimlar tomonidan xizmatdan ajralmagan holda, mustaqil ravishda o‘zlashtirib borishni nazarda tutadi.

Bunda xodimning modulni o‘qishining sifati, o‘zlashtirish uchun belgilangan muddatga rioya etishi, videokonferensaloqa orqali yakka tartibda bilimini tekshirish Malaka oshirish instituti tomonidan belgilanadigan modul rahbari tomonidan amalga oshiriladi.

Malaka oshirish kurslarining dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi, shuningdek, kurslar qo‘shma dasturlar hamda o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan boshqa dasturlarga asosan o‘tkaziladi.

Xodimning xizmat faoliyatida ikki yil va undan ortiq tanaffuslar bo‘lgan taqdirda (bola parvarishlash ta’tillari, xizmatga qayta tiklanish va hokazolar) malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslaridan o‘tishi lozim.

Xodimlar o‘quv tayyorgarlik shaklidan qat’iy nazar har besh yilda malaka oshirish kurslaridan o‘tishlari shart.

Malaka oshirish kurslarini o‘tkazishga Ichki ishlar vazirligining tajribali amaliyotchi xodimlari hamda IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari jalb etilishi mumkin.

Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagog xodimlarini kasbiy va pedagogik malakasini oshirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa shakllarda ham tashkil etilishi mumkin.