Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazini borib ko‘rdi. Markazdagi uchrashuvga huquq-tartibot idoralari huzuridagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari taklif etildi. Ulardagi o‘quv dasturlarini shu nuqtai nazardan takomillashtirish, dual taʼlim tizimini joriy etish, darslar va ilmiy ishlarning hayot bilan hamnafasligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Ichki ishlar vazirligida uchuvchisiz qurilmalarni qo‘llash bo‘yicha tuzilma tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, ommaviy tadbirlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv imzolandi.
Uchrashuvda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti polkovnik O.T.Axmedov va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi direktori M.Ibodullayevlar ishtirok etishdi.
Mazkur Kelishuvning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida “Dron-racing” - dronlar poygasi musobaqa turini rivojlantirish, uchuvchisiz uchish apparatlariga dron operatorlari mutaxassislik yo‘nalishidagi bilimlari va ko‘nikmalarini oshirish, uchuvchisiz uchish apparatlari texnologiyalarini rivojlantirish va amaliy faoliyatda ishlatishni o‘rganish, yangi ixtirolar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, uchuvchisiz uchish apparatlari texnologiyalarini rivojlantirishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilishdan iborat.
Shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari operatorlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida mavjud innovatsion ilmiy tajribalar va ishlanmalarni tatbiq etgan holda uskuna va ishlanmalardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, zamonaviy uslub va usullarni qo‘llagan holda har ikkala tomondan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va innovatsion loyihalar bilan o‘zaro tanishish, tahlil qilish va o‘rganish jarayonini yo‘lga qo‘yish, tomonlarning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ixtirochilik, ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlarini tashkil etish va amalga oshirishda o‘zaro ko‘maklashish, tajriba almashish, yetuk mutaxassislar, ilmiy xodimlar (professor-o‘qituvchilar) tomonidan mahorat darslari, ilmiy-amaliy konferensiya, seminar va anjumanlar tashkil qilinadi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati