Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 32 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qurolli kuchlar va IIV tizimlaridan iste’foga chiqqan faxriylarining Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quv kurslari tinglovchilari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Qurolli mojarolar va antiterroristik kurash nogiron-faxriylarining “Vatan” xayriya jamoat fondi raisi Abdumannopov Abduraxim Madraximovich, jamoat fondi a’zolari, nafaqadagi polkovnik Sheyko Aleksey Alekseevich, polkovnik Djumagulov Tursun Turg‘unovich, polkovnik Abdullaev Rashid Igamberdievich va professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish milliy qadriyatlarimizdan ekanini ta’kidlab, ularning uzoq yillik samarali xizmatlari davomida orttirgan tajribalari, jasorati va fidoyiligi o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida alohida o‘rin tutishini, ibratli hayot yo‘llari esa yoshlarda g‘ayrat-shijoatni, elu yurtidan g‘ururlanish tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda mustaqillik, tinchlik xalqimizning bebaho boyligi ekani, mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan izchil islohotlar zamirida ana shu ne’matlarni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash mas’uliyati mujassamligi, yoshlarimizni Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashning ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Faxriylar tinglovchilarga o‘zlarining xizmat yo‘li, qatnashgan jangovar harakatlari va bu harakatlarda ularga nimalar yordam berganligi to‘g‘risida gapirib berdi. Bugun tahsil olayotgan yoshlar institut professor-o‘qituvchilari tomonidan berilayotgan bilimlarni o‘zlashtirishlari, amaliy mashg‘ulotlar, shu jumladan, jangovar va jismoniy tayyorgarlikka alohida e’tibor berish, o‘z ustilarida tinimsiz ishlashlari, «ustoz-shogird» an’anasiga amal qilish, ularning orttirgan tajribalaridan unumli foydalanish zarurligini ta’kidlab o‘tdilar.
Faxriylar tinglovchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar qaytardi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati