Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya: xalqaro tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi yo‘lida muhim qadam
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “IIO tizimida jismoniy va jangovar tayyorgarlik: xalqaro tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va milliy amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishga qaratildi.
Konferensiyada davlat organlari va tashkilotlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirni IIV Malaka oshirish instituti boshlig‘i, polkovnik, texnika fanlari nomzodi, professor Olimjon Tursunbayevich Axmedov kirish so‘zi bilan ochib, ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini yuksaltirish, xalqaro tajribani chuqur o‘rganish hamda samarali usullarni milliy amaliyotga joriy etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Anjuman davomida xalqaro tajriba va milliy amaliyotni uyg‘unlashtirish, sambo va boshqa sport turlarining xodimlar kasbiy-amaliy tayyorgarligidagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ta’lim jarayoniga zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar sohada mavjud tajribalar, ilmiy izlanishlar va amaliy natijalar yuzasidan fikr almashib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro konferensiya ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or xorijiy tajribalarni ommalashtirish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.