Fidoyi xodimlar mehnati — e’tibor va e’tirofda
25-oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Vatan tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan xodimlarning mehnati alohida e’tirof etildi.
Marosimda xizmat burchini bajarishdagi sadoqati, kasbiy mahorati va faoliyatida erishgan yutuqlari uchun bir guruh xodimlarga idoraviy ko‘krak nishonlari, qo‘l soati, maxsus unvonlar hamda esdalik sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, ko‘p yillik xizmat faoliyatini yakunlagan podpolkovnik Otabek G‘aniyevni pensiyaga kuzatish marosimi ham tashkil etildi.
Marosimda uning ichki ishlar organlaridagi xizmat yillari, kasbiy tajribasi va hamkasblari orasidagi hurmati e’tirof etildi. Institut jamoasi Otabek G‘aniyevga ko‘p yillik xizmati uchun minnatdorlik bildirib, kelgusi hayotida mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik va farovonlik tiladi.
Tadbir yakunida Vatanga sadoqat, xalq manfaatlariga xizmat qilish va zimmadagi vazifalarni yuksak mas’uliyat bilan bajarish har bir ichki ishlar organi xodimining muqaddas burchi ekani ta’kidlandi.