Xorazmning boy tarixiy merosi va turizm xavfsizligi: Urganchda xalqaro konferensiya

03.11.2026 30 marta ko'rilgan

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida professor, arxeolog olim Qurbonboy Sobirov tavalludining-80-yilligiga bag‘ishlangan “Xorazm vohasi – Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tizimida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Universitetning Tarix va huquq fakulteti tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur anjumanda yurtimizning taniqli olimlari, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg‘izistonning oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan professorlar, tarixchilar hamda tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedov ham ishtirok etib, professor Qurbonboy Sobirov tavalludining 80-yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, anjuman mavzusining ilmiy-amaliy ahamiyati, Xorazm vohasining boy tarixiy-madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylashning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Olimjon Axmedov konferensiya doirasida “Ichki ishlar organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash tizimida Xorazm viloyatining tarixiy-madaniy merosini asrash va turizm xavfsizligini ta’minlashning ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish, shuningdek, sayyohlar xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligi va mas’uliyati muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Xalqaro konferensiya Xorazm vohasining boy tarixiy merosini chuqur o‘rganish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari rivojida tutgan o‘rnini ilmiy jihatdan yoritish, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.