Zamonaviy harbiy nizolar tajribasi — jangovar tayyorgarlikni rivojlantirishning muhim omili
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Toshkent filialida “Zamonaviy harbiy nizolar tajribasi asosida xodimlar va harbiy xizmatchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini rivojlantirish: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad — zamonaviy harbiy nizolar tajribasini chuqur o‘rganish, xodimlar va harbiy xizmatchilarning jismoniy hamda jangovar tayyorgarligini takomillashtirish, shuningdek, mashg‘ulotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or usul va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari, mavjud muammolar va ularning yechimlari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari hamda mashg‘ulotlarni amaliyotga yaqinlashtirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, xizmat faoliyatida uchrashi mumkin bo‘lgan murakkab vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, kasbiy mahoratni oshirish hamda shaxsiy tarkibning jismoniy va ruhiy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan takliflarini ilgari surdilar.
Seminar yakunida bildirilgan fikr va takliflar xodimlar hamda harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligini yanada takomillashtirish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish va zamonaviy yondashuvlarni ta’lim jarayoniga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Jismonan baquvvat, ruhan barqaror va yuksak jangovar tayyorgarlikka ega kadrlar — yurt tinchligi va xalq osoyishtaligining mustahkam tayanchidir!