KOICA loyihasi doirasida Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi mutaxassislarining tashrifi yakunlandi
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Simulyatsiyalashgan o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha salohiyatni oshirish” loyihasi doirasida Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligining tegishli mutaxassislari IIV Malaka oshirish institutiga amalga oshirgan tashrifini yakunladi.
Tashrif davomida mutaxassislar Simulyatsiyalashgan o‘quv markazidagi ekspert-kriminalistika laboratoriyasi uchun mo‘ljallangan xonaning holati, joylashuvi va ichki tuzilishini o‘rganib, zamonaviy uskunalarni xarid qilish, o‘rnatish va ulardan samarali foydalanish masalalari yuzasidan texnik tahlil o‘tkazdilar. Shuningdek, laboratoriyani jihozlash bo‘yicha mavjud ehtiyojlar aniqlanib, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish, ularning samaradorligini ta’minlash hamda dastlabki o‘rganishlar davomida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari muhokama qilindi. Tashrif yakunida loyihaning amalga oshirilish jarayoni sarhisob qilinib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari va rejalari yuzasidan fikr almashildi.