Qasamyod — vatanga sadoqat, xalq oldidagi burch va yuksak mas’uliyat timsoli!

17.10.2026 98 marta ko'rilgan

Ichki ishlar vazirligi O‘quv-dala markazida Malaka oshirish institutining Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursida tahsil olayotgan 281 nafar tinglovchining qasamyod qabul qilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tadi.

  Bu kun — yosh xodimlar hayotidagi unutilmas sana, sharafli xizmat sari tashlangan muhim qadam, Vatan va xalq oldidagi mas’uliyatni chuqur his etish onidir.

Tantanali marosimda vazirlik mas’ul xodimlari, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ichki ishlar organlari faxriylari, jamoatchilik vakillari hamda tinglovchilarning ota-onalari ishtirok etadi.

Qasamyod — shunchaki so‘z emas. U O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilish, xalq tinchligi va osoyishtaligini asrash, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek sharafli burchni anglatadi.

Zero, ichki ishlar organlari xodimi bo‘lish — el-yurt osoyishtaligi uchun mas’uliyatni zimmasiga olish, har qanday vaziyatda qonun va adolatga sodiq qolish, xalq ishonchini oqlash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish demakdir.

Darhaqiqat, Qasamyodga sadoqat — Vatanga sadoqat! Xizmatga sadoqat — xalq ishonchiga munosib bo‘lish!