Qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishida yangi mutaxassislar tayyorlandi
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Olmaliq o‘quv bazasida Kasbiy tayyorgarlik fakultetining “Qo‘riqlash faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan tinglovchilarning tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, soha xodimlari hamda bitiruvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar bitiruvchilarni o‘quv jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabriklab, ularga kelgusi xizmat faoliyatida muvaffaqiyat va mas’uliyatli vazifalarni sidqidildan bajarishlarini tiladilar.
Ta’kidlanganidek, o‘quv jarayoni davomida tinglovchilar qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishida zarur kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallab, xizmat vazifalarini samarali bajarish uchun nazariy hamda amaliy tayyorgarlikdan o‘tdilar.
Marosimning tantanali qismida bitiruvchilarga o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlaganliklarini tasdiqlovchi diplomlar topshirildi. Shuningdek, ularga belgilangan tartibda “kichik serjant” maxsus unvoni berildi.
Tadbir yakunida bitiruvchilar kelgusida yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarish, jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Shu tariqa, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Olmaliq o‘quv bazasida yana bir guruh malakali mutaxassislar tayyorlanib, ular o‘z kasbiy faoliyatini yangi mas’uliyat va yuksak maqsadlar bilan boshlash arafasida.