“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi: ochiq muloqot va muhim tashabbuslar
2026-yil 18-iyun kuni “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida yosh xodimlar va tinglovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdullayev Baxrom Ismoilovich ishtirok etib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda huquq-tartibot organlarida xizmat qilayotgan yosh kadrlarning mas’uliyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv davomida tinglovchilarning taklif va mulohazalari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Shuningdek, kasbiy salohiyatni oshirish, vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash va yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida mehmon institutda yaratilgan shart-sharoitlar va o‘quv jarayonlari bilan ham tanishdi.
Samimiy ruhda kechgan muloqot yoshlarning fikr va tashabbuslarini o‘rganish hamda kelgusidagi vazifalarni belgilab olish uchun muhim uchrashuv bo‘ldi.