Qasamyod — sharafli xizmat sari muhim qadam

13.06.2026 11 marta ko'rilgan

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Olmaliq o‘quv bazasida Kasbiy tayyorgarlik fakultetining navbatdagi tinglovchilari uchun qasamyod qabul qilishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Mazkur marosim tinglovchilar hayotidagi muhim va unutilmas voqealardan biri bo‘lib, ularning tanlagan kasbiga sadoqati, Vatan va xalq manfaatlariga xizmat qilishga bo‘lgan qat’iy intilishini yana bir bor namoyon etdi. Qasamyod matnini tantanali ravishda qabul qilgan tinglovchilar zimmalariga yuklatilgan yuksak mas’uliyatni chuqur anglagan holda, xizmat burchini vijdonan bajarishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbirda Institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ichki ishlar organlari faxriylari, keng jamoatchilik vakillari, shuningdek, tinglovchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar yosh xodimlarni ushbu qutlug‘ kun bilan tabriklab, ularga xizmat faoliyatida muvaffaqiyat, matonat va yuksak mas’uliyat tiladilar.

Tantanali marosim ko‘tarinki ruh va faxr tuyg‘ulari ostida o‘tib, tinglovchilarning kelgusida xalq osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi sharafli xizmatlariga mustahkam zamin yaratdi.