Ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash: ilg‘or tajribalar va zamonaviy yondashuvlar

09.06.2026 20 marta ko'rilgan

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishdagi ilg‘or xorijiy va milliy tajribalar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi, akademik, “Profi University” rektori Shaumarov G‘ayrat Baxromovich, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oliy ta’lim tizimi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Mudofaa vazirligi Harbiy xavfsizlik va mudofaa Universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, “Profi University”, Toshkent xalqaro universiteti, IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Maxsus tayyorgarlik o‘quv markazilarining professor-o‘qituvchilari va yetuk mutaxassislari ishtirok etdilar.

Mazkur anjuman ichki ishlar organlari tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi mavjud tajribalarni tahlil qilish, ilg‘or milliy va xorijiy yondashuvlarni o‘rganish hamda ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Anjumanni Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedov ochib berdi. U o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda ichki ishlar organlari kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, xizmat faoliyatiga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni joriy etish, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi globallashuv sharoitida huquq-tartibotni ta’minlash sohasiga qo‘yilayotgan talablar tobora ortib bormoqda. Shu bois ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligi, huquqiy bilimi, psixologik barqarorligi va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

 

Konferensiya doirasida ishtirokchilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashning xalqaro standartlari, ta’lim sifatini oshirish mexanizmlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini raqamlashtirish, amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini yuksaltirish hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.

Muhokamalar jarayonida ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish, sohaviy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish va kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida konferensiya ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va tavsiyalar ichki ishlar organlari uchun raqobatbardosh, yuksak kasbiy salohiyatga ega kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Ilmiy-amaliy anjuman sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va o‘zaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.     

Konferensiyada ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar, kelgusida Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirsh va qayta tayyorlashda o‘zining ijobiy samarasini beradi.