Nukus filialida navbatdagi bitiruv va qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Nukus filialida navbatdagi boshlang‘ich kasbiy tayyorlash o‘quv kursi tinglovchilarining qasamyod qabul qilish hamda bitiruv tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, sohaviy xizmat vakillari, tinglovchilar hamda ularning yaqinlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlarini professional tayyorlash, ularning maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish va xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Taʼkidlanganidek, o‘quv jarayoni davomida tinglovchilarga huquqiy bilimlar, xizmat faoliyati uchun zarur amaliy ko‘nikmalar, jangovar va jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Tantanali marosimda tinglovchilar Ichki ishlar organlari qasamyodini qabul qilib, xalq tinchligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga vaʼda berdilar.
Tadbir yakunida kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga kelgusidagi xizmat faoliyatida ulkan zafarlar va masʼuliyatli xizmat tilaklari bildirildi.