Yangilik haqida batafsil

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi
March 30, 2024

     Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Olmaliq shahridagi o‘quv bazasida Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilarining bitiruv tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.

       Tantanali marosimda Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari,  jamoatchilik vakillari, ichki ishlar faxriylari, tinglovchilarning ota-onalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

     Tadbirda so‘zga chiqqan Institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedov, mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganligini ta’kidladi.

      Haqiqatan ham,  Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ko‘zlangan maqsadlarga erishishda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida zamonaviy ilm sirlarini egallagan, teran fikrlaydigan va yangicha dunyoqarash sohibi bo‘lgan xodimlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.

          Bugungi kunda institutda “Yo‘l-patrul faoliyati”, “Patrul-post xizmati faoliyati”, “Pasport tizimini ta’minlash faoliyati”, “Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati”,  “Jazoni ijro etish faoliyati” yo‘nalishlarida maxsus besh oylik dastur asosida belgilangan qabul kvotasi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

      O‘quv mashg‘ulotlari vazirlik soxaviy xizmatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida tashkil etildi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va sohaviy xizmatlarning tajribali amaliyot xodimlari tomonidan nafaqat an’anaviy usullarda, balki zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda interfaol usullarni qo‘llagan holda davra suhbati, bahs, munozara, seminar-trening, amaliy mashg‘ulot shakllarida olib borilyapti.

      O‘qish davomida tinglovchilarning kasbiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar, jismoniy, ruhiy, tibbiy tayyorgarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

       Albatta, bunday g‘amxo‘rlik va e’tiborga javoban tinglovchilar ham malakali ustozlar ko‘magida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgani e’tirofga sazovor. Xususan, o‘quv mashg‘ulotlarini a’loga o‘zlashtirgan, turli tanlovlarda, musobaqalarda munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagan tinglovchilar borligi institutning ham faxridir.

         Jumladan, joriy yilning 21-23 mart kunlari Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida sambo bo‘yicha an’anaviy "Sambo asoschilari kubogi" xalqaro turnirda Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchisi, safdor Muxlisa Qadirberganova ayollar o‘rtasida 65 kilogramm vazn toifasida bronza medalni qo‘lga kiritdi.

      – O‘quv kursida institutning malakali professor-o‘qituvchilardan puxta bilimlar oldik, – deydi tinglovchi, Doniyor Sherov. – Davlatimiz Rahbarining “Inson taqdirini hal etishda xodimning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida esa poklik ustuvor bo‘lishi shart” degan purma’no so‘zlarini doimo yodimizda tutamiz. O‘rganganlarimiz xizmat faoliyatimizni to‘g‘ri tashkil etishimizda dasturilamal bo‘lib, o‘z samarasini beradi.   

       Tantanali tadbirda o‘quv dasturlar talablarini to‘liq o‘zlashtirigan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan 208 nafar tinglovchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi va ularga “kichik serjant” maxsus unvoni berildi.  

       Shuningdek, o‘quv kursi davomida o‘zining kasbiy, bilimlarini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani va namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

 

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati