O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi tomonidan imzolangan muzokaralar bayoniga muvofiq Koreya milliy politsiya agentligi va tegishli mutaxassislar IIV Malaka oshirish institutiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida Koreya delegatsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari U.K.Nurullaev, Institut rahbariyati hamda mutaxassislar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi politsiya-attashesi va konsuli Na Dong Gun va Koreya xalqaro hamkorlik bo‘yicha agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbariyati ishtirok etishdi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda Muzokaralar bayonida belgilangan vazifalarni ijrosi, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari, hamda Simulyatsiya va modellashtirish markazini qurilishi yuzasidan fikrlar almashildi va muhokama etildi.
Tomonlar rejalashtirilgan tadbirlarning samarali amalga oshirilishida barcha imkoniyatlarni ishga solinishi, shuningdek o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Koreya milliy politsiya agentligi mutaxassislaridan iborat delegatsiya tomonidan Malaka oshirish institutida Simulyatsiya va modellashtirish markazi barpo etish va uni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash borasida loyihalash ishlari amalga oshirilmoqda.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati