Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Avvalo, oʻz hayotini el-yurt salomatligini asrashdek gʻoyat masʼuliyatli va sharafli ishga bagʻishlagan Siz, azizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan barcha xodim va harbiy xizmatchilar nomidan samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tibbiyot xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigida zahmatli xizmatlaringizni yuqori baholab, “Biz sizlarning timsolingizda xalq salomatligi yoʻlida oʻz halovatidan kechib, kunni tunga ulab, fidokorona mehnat qilayotgan sharafli kasb egalarini koʻramiz”, – deya taʼkidlaganlar.
Bu soʻzlar har bir tibbiyot sohasi xodimiga cheksiz faxr
va gʻurur bagʻishlab, yangi-yangi yutuqlar sari ruhlantiradi, albatta.
Bugun “Barcha islohotlar inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil ifodasini sogʻliqni saqlash tizimiga yuksak eʼtibor qaratilayotganida ham koʻrish mumkin. Islohotlar natijasida tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, zamonaviy yoʻnalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda. Respublikamizdagi shifoxonalarda har yili oʻnlab murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani buning tasdigʻidir.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda Ichki ishlar vazirligi Tibbiyot boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida koʻp sonli shifokor va hamshiralar, oʻrta tibbiyot xodimlari va xizmatchilar samarali mehnat qilmoqda. Ular orasida katta tajriba, bilim va kasbiy malakaga ega boʻlganlari koʻpchilikni tashkil etadi.
Quvonarli jihati shundaki, tibbiyot muassasalarida mehnat qilayotgan soha xodimlarining samarali xizmatlari tufayli soʻnggi yillarda shaxsiy tarkibning salomatlik koʻrsatkichlari yaxshilanishiga erishilmoqda. Oʻtkazilgan tibbiy profilaktik tadbirlar natijasida xodimlarning turli kasalliklarga chalinishi sezilarli darajada kamaymoqda.
Har qanday sohada qulay va zamonaviy ish sharoitlarining yaratilgani, moddiy-texnik bazaning mustahkamligi muvaffaqiyatlarning asosiy omillaridan sanaladi. Shu bois ichki ishlar organlari tibbiyot xizmatida ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangi davolash-profilaktika muassasalari bunyod etilmoqda, mavjudlari kapital taʼmirdan chiqarilib, bemorlar hamda tibbiyot xodimlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bularning barchasi, shubhasiz, tizimda davolash-profilaktika ishlari samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun ichki ishlar organlarining koʻp sonli shaxsiy tarkibi jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek sharafli vazifalarni fidoyilik va burchga sadoqat bilan bajarib kelmoqdalar.
Zimmamizga yuklatilgan barcha masʼuliyatli vazifalar toʻlaqonli amalga oshirilishida, hech shubhasiz, tizimdagi davolash-profilaktika muassasalarida mehnat qilayotgan jonkuyar va fidoyi tibbiyot xodimlarining hissasi beqiyos.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan koʻp sonli xodimlarimizning Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek sharafli vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirishlarida Sizdek jonkuyar va fidoyi shifokorlarimizning munosib oʻrni borligini taʼkidlash lozim.
Fursatdan foydalanib, oʻz mehnati bilan ezgulik va olijanoblikning yuksak namunasini koʻrsatayotgan barcha tibbiyot xodimlarini ushbu qutlugʻ ayyom bilan yana bir bor tabriklab, masʼuliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan zafarlar tilab qolaman.
Vazir
general-leytenant
P.R. Bobojonov