Ichki ishlar vazirligi O‘quv-dala markazida Malaka oshirish institutida boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kurslarida tahsil olayotgan 600 nafardan ziyod tinglovchilarning bitiruv tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik rahbariyati, Institut boshlig‘i, o‘rinbosarlari, kafedra, sikl, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Umid Nurullayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Vatanimiz mustaqilligi, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ko‘z qorachig‘idek asrash, professional va xalqchil ichki ishlar organlari xodimlarini shakllantirish, xizmat nufuzini oshirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidladilar.
Mamlakatimizda keyingi yillarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangicha tizimini yaratilganligi, ichki ishlar organlarini el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma’noda xalqparvar tizimga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab o‘tdilar va bitiruvchilarga kelgusi sharafli xizmat faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Ichki ishlar organlari salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga O‘quv-dala markazidagi o‘quv jarayonlarida alohida e’tibor qaratilganligini e’tirof etdilar.
- Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida bizga yuridik, kasbiy, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar va jismoniy tayyorgarliklarga ega bo‘ldik, deydi tinglovchi safdor Sardor Orifjonov. Fuqarolarga qonun doirasida xizmat ko‘rsatish, turli qaltis vaziyatlarda ruhiy barqaror bo‘lish, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qo‘llash, o‘q otar qurollardan mohirona foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarimiz shakllandi. Institutda olgan bilim va ko‘nikmalarimizni kelgusida ona Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning tinchligi, fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilishga safarbar etamiz.
Tantanali tadbirda o‘quv dasturlar talablarini to‘liq o‘zlashtirigan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, o‘quv kursi davomida o‘zining kasbiy, bilimlarini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani va namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati