O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan fidoyi ustozlar taqdirlandi

30.09.2026 28 marta ko'rilgan

      O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda soha faollari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’lim va tarbiya sohasida ko‘p yillik samarali mehnat qilib, ichki ishlar organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.

Tantanali marosimda faol va tashabbuskor ustozlarga Ichki ishlar vazirining 1-2-3 darajali “Benuqson xizmatlari uchun”, “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlar hamda Institut boshlig‘ining tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirning badiiy qismida Ichki ishlar vazirligining Alohida namunaviy ko‘rgazmali orkestri hamda Respublika Estrada va sirk oliy maktabi jamoalari tomonidan namoyish etilgan musiqiy va sahnaviy chiqishlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tantana yakunida ustoz va murabbiylarning jamiyat hayotidagi, ayniqsa, yosh avlodni bilimli, vatanparvar va kasbga sadoqatli etib tarbiyalashdagi beqiyos o‘rni yana bir bor e’tirof etildi.