Malaka oshirish institutida axborot siyosati va media bilan ishlash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida vazirlik Axborot xizmati boshlig‘i, polkovnik Shoxrux G‘iyosov ishtirokida professor-o‘qituvchilar va Ichki ishlar organlarining barcha darajadagi bo‘lim boshliqlari, tuman (shahar, tarmoq) ichki ishlar organlari boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimiga tayyorlash uchun o‘quv kursi, “podpolkovnik” maxsus unvonini olish uchun navbatdagi maxsus malaka oshirish va ofitserlik lavozimiga tayinlash uchun qayta tayyorlash bo‘yicha navbatdagi o‘quv kurslari tinglovchilari uchun o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida ichki ishlar organlari xodimlarining jurnalistlar va blogerlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan to‘g‘ri va ochiq muloqotni tashkil etishi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardan maqsadli hamda mas’uliyat bilan foydalanishi yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari faoliyatiga oid ijobiy va xolis axborotlarni keng jamoatchilikka tezkor yetkazish, axborot makonida faol ishtirok etish hamda ijobiy materiallarni keng targ‘ib qilishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berilib, axborot siyosatini samarali amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.