Qasamyod – sharaf va mas’uliyat timsoli

06.06.2026 33 marta ko'rilgan

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Kasbiy tayyorgarlik fakultetida “Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan tinglovchilarning qasamyod qabul qilish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut rahbariyati, xodimlari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, tinglovchilarning ota-onalari ishtirok etdilar.

Tadbirni institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedov kirish so‘zi bilan ochib, qasamyod qabul qilish har bir ichki ishlar organlari xodimi uchun yuksak mas’uliyat, sharaf va burch timsoli ekanini ta’kidladi. U o‘z nutqida tinglovchilarni Vatanga, xalqqa va tanlagan kasbiga sadoqatli bo‘lishga, xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga hamda huquq-tartibotni ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilishga chaqirdi.

Marosim davomida tinglovchilar Vatan va xalq oldidagi muqaddas burchlarini sidqidildan ado etishga, mamlakat tinchligi, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida halol va sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilish katta mas’uliyat va yuksak kasbiy tayyorgarlikni talab qilishini alohida qayd etib, tinglovchilarga kelgusi xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar, matonat va sharafli xizmat yo‘li tiladilar.

Shuningdek, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, yuqori natijalarga erishayotgan bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.

Tantanali marosim ko‘tarinki ruhda o‘tib, ishtirokchilar qalbida Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat va xizmat burchiga bo‘lgan mas’uliyat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.