Tinglovchilar bilan davra suhbati tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Nukus filiali tinglovchilari bilan kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish maqsadida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i - matbuot kotibi, (PhD) yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent polkovnik Sh.K. Giyasov ishtirok etib, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda jamoatchilikka tezkor va ishonchli axborot yetkazish borasida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari tizimini xalqchil va professional tuzilmaga aylantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr yuritildi.
Davra suhbati davomida tinglovchilar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan davlat siyosati, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ustuvor vazifalar hamda sohadagi yangilanishlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv qizg‘in savol-javoblar va o‘zaro fikr almashish ruhida o‘tdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olib, kelgusidagi faoliyatlari uchun muhim tavsiyalarga ega bo‘ldilar. Davra suhbati barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.