O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish institutida raqamli texnologiyalar sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Raqamli texnologiyalar asosida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Toshkent shahar IIBB Raqamli texnologiyalar boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, IIV Toshkent mintaqaviy o‘quv markazining kasbiy tayyorgarlik sikli, Toshkent viloyati IIBB Qibray tuman IIB Tergov bo‘limi, Toshkent shahar IIBB Kiber profilaktika bo‘limi, Toshkent shahar IIBB Yashnobod tumani IIO FMB Kiber profilaktika bo‘linmasi, Samarqand viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi masʼul xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida raqamli texnologiyalar orqali sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning zamonaviy ko‘rinishlari, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish mexanizmlari, axborot xavfsizligini taʼminlash hamda sohada xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda so‘z olgan mutaxassislar tomonidan raqamli muhitda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning axborot xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining kiberxavfsizlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Konferensiya yakunida sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, innovatsion yechimlarni amaliyotga keng joriy etish hamda davlat organlari va ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha muhim xulosalar ishlab chiqildi.