Nostandart vaziyatlarda psixologik barqarorlikni oshirishga qaratilgan trening o‘tkazildi
“Huquqiy madaniyat oyligi” dasturi doirasida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Navbatchilik qismi, Qo‘riqlash guruhi hamda Transport taʼminoti guruhi xodimlari ishtirokida “Institut xodimlarining nostandart vaziyatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi yuzasidan kompetentlik va chidamliligini oshirish” mavzusida psixologik trening mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Trening mashg‘ulotlari institut Psixologik taʼminlash guruhi bosh psixologi, leytenant M.D. Mirkomilov hamda KTF Maxsus fanlar sikli kabinet boshlig‘i, leytenant M.M. Egamqulova tomonidan olib borildi.
Mashg‘ulotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — fuqarolar tomonidan xodimni agressiv holatga olib kirishga qaratilgan psixologik bosimlarning oldini olish, xodimlarda psixologik himoyalanish, muloqotni samarali boshqarish va vaziyatni keskinlashtirmasdan nazorat ostida ushlash ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Shuningdek, trening davomida stressli va nostandart vaziyatlarda o‘zini boshqarish, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilishga oid nazariy tushunchalar berildi hamda amaliy mashqlar o‘tkazildi.