Yoshlar bilan ochiq muloqot — kelajakka ishonch va vatanparvarlik sabog‘i
O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Maxsus-kasbiy fanlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari, Bektemir tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi “Abay” MFY profilaktika inspektori hamda masʼul xodimlar ishtirokida Bektemir tumanidagi 358-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida yuqori sinf o‘quvchilari bilan “Yoshlar kuni” munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va turli salbiy illatlarning oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, o‘quvchilarga ichki ishlar organlarida xizmat qilishning masʼuliyati, sharafli jihatlari hamda kasbga oid talablar haqida tushunchalar berildi.
Uchrashuv savol-javoblarga boy, samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bunday tadbirlar yoshlarning yurt taqdiriga daxldorlik hissini oshirish, ularni bilimli, fidoyi va Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.