Malaka oshirish instituti tashkil topganining 5 yilligi keng nishonlandi
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida muassasa tashkil etilganining 5 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda professor-o‘qituvchilar, institut xodimlari, tinglovchilar hamda faxriy mehmonlar ishtirok etdilar.
Tantanali marosim institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedovning kirish so‘zi bilan ochib berildi. Institutning so‘nggi 5 yil davomida erishgan yutuqlari, ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi o‘rni va ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, institut jamoasining samarali faoliyati, taʼlim jarayoniga ilg‘or yondashuvlarni joriy etish borasidagi xizmatlari yuqori baholandi.
Tadbir davomida institut tarixi, uning tashkil etilgan ilk kunlaridan buyon bosib o‘tgan yo‘li, ilmiy va amaliy faoliyati hamda kadrlar tayyorlash tizimidagi o‘rni aks ettirilgan maʼruzalar va taqdimotlar namoyish etildi.
Marosimning eng muhim qismi sifatida “Malaka oshirish institutining esdalik nishoni” taʼsis etilgani rasman eʼlon qilindi. Ushbu nishon bilan institut rivojiga munosib hissa qo‘shgan, o‘zining fidokorona mehnati va yuqori natijalari bilan ajralib turgan bir qator xodimlar taqdirlandi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida faol xodimlar va tinglovchilar hamda faxriylarga esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
Tantanali tadbir ko‘tarinki ruhda, bayramona kayfiyatda o‘tib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Unda institut jamoasining birdamligi, yuksak masʼuliyati va kelgusi maqsadlarga intilishi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Institut Matbuot xizmati