Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan aholi bilan ishlash boʻyicha ustuvor vazifalarning samarali ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 25-may kuni Ichki ishlar vaziri general-mayor Aziz Tashpulatov tomonidan fuqarolar uchun navbatdagi shaxsiy qabul tashkil etildi.
Yurtimizda inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolarning turmush darajasini yanada oshirish va ularni oʻylantirayotgan masalalarni joyida hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchillik bilan davom etmoqda. Prezidentimiz tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, aholi bilan ochiq muloqotni tashkil etish, fuqarolarning dardu tashvishlarini tinglash va ularni yechimga yoʻnaltirish – davlat organlari faoliyatining bosh mezoniga aylandi.
Shu maqsadda, joriy yilning 25-may kuni Ichki ishlar vazirligi masʼullari tomonidan fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazilib, ular tomonidan bildirilgan murojaatlar atroflicha oʻrganildi.
Tadbir doirasida ichki ishlar organlari faoliyatiga doir turli yoʻnalishlardagi jami 491 ta murojaat qabul qilindi. Murojaatlar bevosita fuqarolarning hayotidagi ogʻriqli nuqtalarni aks ettirib, ularni yechimga yoʻnaltirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, murojaatlarni koʻrib chiqishda fuqarolarning real ehtiyoj va talablarini chuqur tahlil qilish, ularning yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarini aniqlash va tizimli hal etishga alohida urgʻu berildi. Qabul qilingan murojaatlardan 187 tasi (38 foizi) tegishli huquqiy asoslar bilan ijobiy hal etildi. Qolgan 304 ta murojaat (62 foizi) boʻyicha kompleks oʻrganish talab etilishi tufayli ijrosini nazoratga olish va yechimini taʼminlash boʻyicha maxsus vazifalar yuklatildi.
Bugungi kunda ichki ishlar organlari tomonidan aholi bilan ochiq va samarali muloqot oʻrnatishga, ularning muammolarini bevosita joylarda oʻrganish va hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Barcha darajadagi rahbarlar tomonidan sayyor qabullar, yuzma-yuz uchrashuvlar va murojaatlarni tizimli ravishda koʻrib chiqish amaliyoti izchil yoʻlga qoʻyilgan.