Yangilik haqida batafsil

Islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash – asosiy vazifa
Feb. 25, 2025

      Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi tergov sudyasi Faxriyor Pulatov ishtirokida seminar-uchrashuv tashkil etildi.

      Tadbirda, tergov sudyasi F. Pulatov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini еtkazdi. Mazkur Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari faoliyat ko‘rsatishni boshlaganligini ma’lum qildi.

       Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 28-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1022-son Qonunining mazmun-mohiyati bilan shu qonun asosida ishni sudga qadar yuritish ustidan sud nazorati tergov sudyalari tomonidan amalga oshirilishi va tergov sudyasining vakolatlari Jinoyat-protsessual kodeksining 311-moddasi bilan belgilanganligi haqida tushuntirildi.

        Bundan tashqari, tergov sudyasini joriy qilishdan maqsad, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkiniklarini samarali himoya qilish ekanligi, tergov sudyasining vakolatlari, qonun buzilishi holatlarini oldini olish yuzasidan maʼlumotlar berildi.

      Shundan so‘ng, tadbir davomida mamlakatimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar borasida fikr-mulohazalar bildirdilar.

  

Institut Matbuot xizmati