Yangilik haqida batafsil

“Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik muammolari va yechimlari”
Dec. 6, 2024

     O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish institutida “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik muammolari va yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

    Ilmiy-amaliy konferensiyada Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlar, IIV Akademiyasi, Qurolli Kuchlar Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, CYBER-BRO kiberxavfsizlik kompaniyasi, Universoft IT kompaniyasi bosh direktorlari, Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari, mas’ul xodimlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

     Konferensiyada  Malaka oshirish instituti boshlig‘i, t.f.n., dotsent, polkovnik Olimjon Axmedov, keyingi yillarda axborot texnologiyalarining dasturlash, axborotni uzatish, ma’lumotlar tahlili, axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik hamda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida o‘zgarishlar yaqqol sezilayotgani, axborot texnologiyalari rivojlanib borgani sari kiberjinoyatlar salmog‘i ham o‘sib borayotgani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

    Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirokchilarning kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik muammolari va yechimlarining dolzarb masalalariga oid fikr va mulohazalari eshitildi hamda taklif va tavsiyalari muhokama qilindi.

    Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda CYBER-BRO kiberxavfsizlik kompaniyasi o‘rtasida “Ichki ishlar xodimlarini IT sohasiga yo‘naltirish, bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik faoliyati to‘g‘risida” memorandum imzolandi.

 

 

 Institut Matbuot xizmati