Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Ichki ishlar organlarida uzluksiz o‘quv-karera jarayoni tizimi asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha navbatdagi maxsus malaka oshirish o‘quv kursida ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlaridan kelgan xodimlar navbatdagi «podpolkovnik» maxsus unvonini olish uchun maxsus malaka oshirish kursi yo‘nalishida o‘quv tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlar Institut professor-o‘qituvchilari hamda vazirlik sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda hozirgi zamon talablari asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda interfaol usullarda olib borilyapti.
Jumladan, institut yuridik fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, dotsent podpolkovnik Hojiakbar Bahromov tomonidan
«IIO binolarida so‘rovxonalarni tashkil etish va nazorat qilishda mas’ul rahbarlarning vazifalari» mavzusida o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mashg‘ulotda IIOga olib kelingan shaxslar bilan protsessual harakatlar yoki boshqa tadbirlarni amalga oshirishga oid umumiy talablar, so‘rovxonalar faoliyatini tashkil etish, foydalanish va nazorat qilish borasida IIO mas’ul xodimlarining vazifalari, majburiyatlari bo‘yicha yo‘riqnomada belgilangan talablar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tinglovchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyun kunidagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonning mazmun-mohiyati hamda 2025 yil 1 yanvardan boshlab qonunchiligimizga kiritiladigan o‘zgarishlar haqida zarur ma’lumotlar berildi.
Mashg‘ulot yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati