Yangilik haqida batafsil

“Kitoblar qalbni uyg‘otadi”
April 25, 2024

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabr kungi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizda har yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilib kelinmoqda.

      Yaxshi an’ana aylangan mazkur haftalik doirasida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida ham “Kitoblar qalbni uyg‘otadi” shiori ostida qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

     Bundan ko‘zlangan maqsad xodimlar va tinglovchilar o‘rtasida kitob o‘qishni keng targ‘ib etish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.

     Jumladan Institutning 30 nafardan ziyod xodim va tinglovchilari “Turon” kutubxonasi va Abdulla Qodiriy memorial muzeyini borib ko‘rdilar. Ular Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi, hamda adib muzeyiga kiraverishdagi bir asrdan ortiq tarixga ega, o‘zbek xalqining ulkan merosi «Turon» kutubxonasining milliy ko‘rinishi, zamonaviy imkoniyatlaridan hikoya qiluvchi ayrim ma’lumotlar va suratlar bilan tanishdilar. 

     Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining taniqli yozuvchisi Jovli Xushbog‘ovning “Muxammad Shaybonixon” romani va “Sevgi sehri” to‘plamining taqdimoti o‘tkazildi.

    Anjumanda taniqli ijodkorlar, IIV Axborot-resurs  markazi, vazirlik Malaka oshirish instituti Axborot-resurs markazi xodimlari, ma’naviyat va  tinglovchi-yoshlar ishtirok etdi.

     - Mazkur haftalik xodimlar va tinglovchi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yozuvchi-shoirlar bilan yaqindan muloqot qilish, asarlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishda juda qo‘l keladi, -deydi Malaka oshirish instituti Axborot-resurs markazi boshlig‘i, kichik serjant Mirjalol Qosimov. - Haftalik doirasida o‘tayotgan mana shunday tadbirlar davomida kitob yarmarkalarining ham tashkil etilayotgani barcha uchun foydali bo‘lyapti, albatta.

 

IIV Malaka oshirish instiuti Matbuot markazi