Ma’muriy jazo choralarini qo‘llash tartibi muhokama qilindi
2026-yil 2-aprel kuni Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi bilan hamkorlikda “Ma’muriy jazo choralarini qo‘llash tartibi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda ikki muassasaning professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchilari faol ishtirok etdilar.
Davra suhbatini Malaka oshirish instituti boshlig‘i, texnika fanlari nomzodi, professor O.T. Axmedov ochib berdi. U o‘z nutqida ushbu mavzu bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, ma’muriy jazo choralarini qo‘llashda qonuniylik, adolat va inson huquqlariga hurmat tamoyillariga qat’iy rioya etish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, bu jarayon har bir xodimdan yuksak bilim, chuqur huquqiy tafakkur va mas’uliyat talab qilishini bildirib, davra suhbatini ishiga omad tiladi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarning xususiyatlari, ular uchun ma’muriy jazo choralarini qo‘llash tartibi, huquqbuzarliklarni aniqlash va ko‘rib chiqish mexanizmlari, shuningdek ma’muriy-protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish vakolatiga ega organlar va mansabdor shaxslarning tizimi hamda vakolatlari yuzasidan batafsil ma’ruzalar qilindi.
Bundan tashqari, ma’muriy jazo choralarini qo‘llash amaliyoti, zamonaviy texnologiyalardan, jumladan planshetlar va uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishning huquqiy asoslari va texnik imkoniyatlari bo‘yicha ko‘rgazmali taqdimotlar tashkil etildi. Tadbir interaktiv tarzda o‘tib, qizg‘in bahs-munozaralar bilan boyidi.
Tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar. Davra suhbatida faol ishtirok etgan tinglovchilar rag‘batlantirildi.
Institut matbuot xizmati