Tinglovchilari uchun psixologik trening o‘tkazildi
IIV Malaka oshirish instituti Nukus filiali tinglovchilari ishtirokida amaliy psixologik trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — shaxsda mavjud bo‘lgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish, ularni samarali hal qilishga qaratilgan ko‘nikma va malakalarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Trening davomida ishtirokchilar interaktiv o‘yinlar, psixologik mashqlar va guruhiy muhokamalar orqali muloqot madaniyati, jamoada samarali ishlash, stress holatlarini boshqarish, shuningdek, turli ziddiyatli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Mashg‘ulotlar qizg‘in va faol ruhda o‘tdi. Tinglovchilar o‘z fikr-mulohazalari va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, amaliy tavsiya va usullarni o‘zlashtirdilar. Ayniqsa, o‘z-o‘zini anglash, emotsional barqarorlikni saqlash va muammolarga ijobiy yondashuvni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.