Qaror va ijro: aniq vazifalar belgilab olindi

19.01.2026 120 marta ko'rilgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son qarori mazmun-mohiyatini Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibiga yetkazish maqsadida Vazirlik ishchi guruhi tomonidan sayyor o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Mazkur o‘quv seminarlari doirasida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Malaka oshirish institutining yuqori malakaga ega professor-o‘qituvchilari jalb etilib, mashg‘ulotlar zamonaviy interfaol metodlar asosida olib borildi.Unda mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlashda ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish ustuvor vazifa ekanligi taʼkidlandi.

Mashg‘ulotlar davomida jinoyatchilikni keskin kamaytirish, ayniqsa oila-turmush munosabatlari doirasida, shuningdek, ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning asl sabablari ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilinishi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Salbiy holatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha yangi ishlash mexanizmlari, manzilli va individual profilaktik chora-tadbirlarni samarali joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, har qanday noqonuniy holatlar yuzasidan fuqarolarning murojaatlariga tezkor va samarali munosabat bildirish tizimini shakllantirish, profilaktika ishlarini bevosita joylarda kuchaytirish, ichki ishlar organlari, mahalla yettiligi va jamoatchilik bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlash orqali aholi roziligiga erishish masalalari muhokama qilindi.

O‘quv seminari yakunida Prezident qarorlarida belgilangan vazifalarni amaliyotga to‘liq tatbiq etish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq tavsiyalar va vazifalar belgilab olindi.