Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan viktorina g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Olmaliq shahridagi o‘quv bazasida Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilari o‘rtasida “Konstitutsiya bilimdoni” mavzusida viktorina tashkil etildi.
Intellektual bellashuvning final bosqichida Yo‘l-patrul faoliyati yo‘nalishi tinglovchilaridan iborat “Yuristlar” jamoasi, Pasport tizimini ta’minlash yo‘nalishi tinglovchilarining “Administratsiya” jamoasi hamda Jamoat tartibini saqlash faoliyati yo‘nalishida tahsil olayotgan tinglovchilardan tuzilgan “Huquqshunoslar” jamoalari ishtirok etdilar.
Qizg‘in va mukammal bilimlar talab etilgan final bosqichida jamoalar Konstitutsiyaning mohiyati, inson huquq va erkinliklari, davlat va jamiyat munosabatlariga oid qonunchilik asoslari bo‘yicha bilimlarini namoyish etdilar.
Bellashuv natijalariga ko‘ra, 1-o‘rin – “Administratsiya” jamoasi, 2-o‘rin – “Huquqshunoslar” jamoasi, 3-o‘rin – “Yuristlar” jamoasiga nasib etdi. G‘oliblar munosib taqdirlandilar.
Darhaqiqat, bunday tadbirlar tinglovchilarning huquqiy bilimini mustahkamlash, Konstitutsiya normalarini chuqur anglashga qiziqish uyg‘otish hamda ularning kasbiy tayyorgarligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Institut Matbuot xizmati