Ichki ishlar organlari – inson huquq va manfaatlari himoyachisi

05.12.2025 36 marta ko'rilgan

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, podpolkovnik Xurshidjon Xasanovich Ro‘ziev hamda iste’fodagi general-mayor Toxir Oxunovich Mullajonov ishtirokida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti tinglovchilari uchun “Ichki ishlar organlari – inson huquq va manfaatlari himoyachisi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, barcha tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, shahar va tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining o‘rinbosari lavozimlariga tayinlanish uchun tashkil etilgan o‘quv yig‘inlarida tahsil olayotgan tinglovchilar ishtirok etdi.

Suhbat davomida ichki ishlar organlarining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi o‘rni, fuqarolar xavfsizligini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, xodimlar faoliyatida qonun ustuvorligi va odillik tamoyillariga rioya etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Iste’fodagi general-mayor T.O. Mullajonov o‘z ma’ruzasida xizmat faoliyatida insoniylik, mas’uliyat bilan yondashuv va aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, tinglovchilarga o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda qimmatli tavsiyalar berdi.

Davra suhbati davomida tinglovchilar tomonidan inson huquqlarini ta’minlashga doir dolzarb savollar o‘rtaga tashlanib, ularga batafsil javoblar qaytarildi. Tadbir o‘quv jarayoni samaradorligini oshirish, yosh xodimlarning kasbiy malakasini va huquqiy ongini yuksaltirishga xizmat qildi.

Institut Matbuot xizmati