Yosh xodimlar sadoqat va mas’uliyat qasamyodini qabul qildi
20.11.2025
342 marta ko'rilgan
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘quv-dala markazida Malaka oshirish instituti boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi tinglovchilarining qasamyod qabul qilishga bag‘ishlangan tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, institut professor-o‘qituvchilari, tinglovchilarning ota-onalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Marosim davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi va tinglovchilar Vatanga sadoqat, xizmat burchiga hurmat hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan qasamyodni qabul qildilar.
Qasamyod qabul qilgan tinglovchilar uchun bu muhim bosqich bo‘lib, ularning ichki ishlar organlaridagi mas’uliyatli faoliyatiga qadam qo‘yganini anglatadi. Marosimda so‘zga chiqqanlar tinglovchilarni tabriklab, ularning Vatanimiz tinchligi va jamoat tartibini saqlashda munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi.
Bugungi kun — faqat tinglovchilar uchungina emas, balki ota-onalar uchun ham g‘urur va iftixorga to‘la unutilmas kun bo‘ldi. Farzandlari O‘zbekistonning tinchligi va xavfsizligi uchun xizmat qiladigan xodimlar safidan joy olmoqda. Ularga berilgan tarbiya va duolar bu yo‘lda muhim tayanch bo‘lib xizmat qiladi.
Marosim yuksak ruhda, tantanali tarzda o‘tdi va tinglovchilarning ichki ishlar organlari safida halol, mas’uliyatli va sadoqatli xizmat qilishga bo‘lgan intilishini yanada mustahkamladi.
Institut Matbuot xizmati