“Xavfsiz piyoda” tadbiri doirasida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Bektemir tumani 575-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari ishtirokida “Xavfsiz piyoda” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yosh avlod va maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini tushuntirish, ularda piyoda sifatida to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida bolajonlarga yo‘l belgilarining ma’nolari, piyodalar yo‘lakchasidan to‘g‘ri foydalanish, svetofor ishoralariga rioya etish kabi muhim qoidalar amaliy misollar orqali tushuntirildi. Shuningdek, tadbir qiziqarli savol-javoblar bilan boyitildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bolalarning yo‘l harakati madaniyatini oshirish, ularni turli noxush holatlardan asrash hamda xavfsiz hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.
Institut matbuot xizmati