<

Yangilik haqida batafsil

Chempion bilan uchrashuv
Sept. 18, 2025

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti shaxsiy tarkibi va tinglovchilar bilan “Chempion bilan uchrashuv” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda sobiq WBA chempionlik kamari sohibi, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Osiyo chempioni hamda jahon chempionati sovrindori Isroil Madrimov, hamda boks bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, professor iste’fodagi podpolkovnik G‘ayrat Matkarimov mehmon sifatida ishtirok etdi.

Tadbirда Isroil Madrimov o‘zining sportdagi faoliyati, xalqaro maydonlardagi ishtiroki va erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi. Tadbir davomida uning eng yorqin janglaridan lavhalarni qamrab olgan videorolik namoyish qilindi. Bu videomateriallar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi va sportchiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

U o‘zining bolalik davri, sportga bo‘lgan qiziqishi, qat’iyati va intizomi orqali erishgan yutuqlari haqida samimiy so‘zlab berdi. Shuningdek, u barchaga sodiqlik, mehnatsevarlik va yurtga xizmat qilish tuyg‘ulari asosiy mezon bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Davra suhbati davomida tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga mehmon samimiy va ochiq tarzda javob qaytardi.

Shundan so‘ng, mehmonlar jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotida ishtirok etayotgan Institut shaxsiy tarkibi bilan uchrashib, ularga sog‘lom turmush tarziga amal qilish, jismoniy va psixologik tayyorgarlikni doimiy ravishda mustahkamlash borasida tavsiyalar berdilar.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga tashakkur izhor etilib, ularga mustahkam sog‘lik, baxt va kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.

 

Institut Matbuot xizmati