O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida O‘quv-uslubiy bo‘lim xodimlari tomonidan pedagogik sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun navbatdagi seminar tashkil etildi.
Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, IIV Maxsus tayyorgarlik o‘quv markazi, vazirlik 1-son va 2-son Akademik litseyi o‘qituvchilari, metodistlari hamda ilmiy xodimlar ishtirok etdi.
Seminar doirasida ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy talablarga javob beradigan yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan bir qator dolzarb mavzular muhokama qilindi. Jumladan, o‘quv jarayoni samaradorligini oshirish, o‘quv-metodik materiallar sifati va mazmunini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqotlar salohiyatini kengaytirish, ta’limda innovatsion texnologiyalardan foydalanish masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan o‘zaro tajriba almashish, muammoli holatlar bo‘yicha fikr almashish va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Institut Matbuot xizmati