<

Yangilik haqida batafsil

Mamlakatimiz boʻylab “Vatan uchun, Millat uchun, Xalq uchun“ shiori bilan keng miqyosda nishonlanayotgan Vatanimiz mustaqilligining 34-yillik shodiyonalari arafasida Ichki ishlar vazirligida ham tantanali tadbir boʻlib oʻtdi
Aug. 29, 2025

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, shaxsiy tarkibi, faxriylar hamda vazirlik Jamoatchilik kengashi aʼzolari qatnashdilar.

Tantanali tadbirni olib borgan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov, Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimiz osoyishtaligi, mahallalarimizning farovonligi, xalqimiz xotirjamligi hamda har bir fuqaroning manfaatlarini munosib himoya qilishda shu yurt qalqoniman deya xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining munosib hissasi borligini taʼkidlab oʻtdi.

Bugungi tinch va osoyishta kunlarda bayramni shodiyona bilan nishonlayotganimizga, oʻz vaqtida mustaqillikni mustahkamlash, jinoyatchilikka barham berish yoʻlida jon fido etgan xodimlarning, oʻz umrini soha rivojiga baxshida etgan faxriylarning xizmatlari katta ekanligi yuksak eʼtiroflarga sazovor.

Ayni vaqtda ham safdoshlarimiz joylarda bayram tadbirlarini munosib nishonlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻlida tunu-kun sergak holda xizmat faoliyatlarini davom ettirishmoqda.

Tadbir davomida jamoat tartibini mustahkamlash, qonun ustuvorligini taʼminlash, yurt tinchligini muhofaza qilishda jasorat va fidoyilik koʻrsatgan, shuningdek, sohada koʻp yillik samarali mehnati va yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda munosib hissa qoʻshgan Jizzax viloyati IIB boshligʻi general-mayor Gʻayrat Qodirovga I darajali “Shon-sharaf” ordeni, Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Abduvohid Ismoilovga hamda Buxoro viloyati IIB boshligʻi polkovnik Ikromjon Tursunovga “Mardlik” ordenlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tantanali ravishda shaxsan topshirilgani alohida eʼtirof etildi.

Marosim jarayonida Davlat rahbarining Farmoniga asosan yuksak mukofotlarga sazovor boʻlgan, Toshkent shahar IIBB inspektori podpolkovnik Oksana Gordiyenkoga “Doʻstlik” ordeni, Andijon viloyati IIB tezkor vakili podpolkovnik Sobitjon Yakubovga “Jasorat” medali, Buxoro viloyati Jondor tumani IIB boshligʻi podpolkovnik Abduxalil Nosirovga “Sodiq xizmatlari uchun” medali hamda Toshkent viloyati IIBB Chinoz tumani katta tergovchisi podpolkovnik Oʻtkir Narjigitovga “Shuhrat” medali tantanavor tarzda topshirildi.

Shuningdek, “Jasorat” medali mukofotiga sazovor boʻlgan Fargʻona viloyati Patrul-post xizmati inspektori safdor Mohigul Siddikovaga, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohiblari Samarqand viloyati YHXB inspektori safdor Asamiddin Ziyatovga, Qashqadaryo viloyati Ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti podpolkovnik Sherali Muhammadiyevga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV boʻlim boshligʻi podpolkovnik Ajibay Sabirovga hamda “Shuhrat” medali sohibi Namangan viloyati IIB Uchqoʻrgʻon tumani katta inspektori mayor Muzaffar Xaydarovga mukofotlari joylarda hukumat aʼzolari tomonidan topshirilishi belgilandi.

Tadbirda, sadoqatli xizmat faoliyati bilan alohida namuna koʻrsatayotgan bir qator xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan idoraviy koʻkrak nishonlari, yuksak unvonlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan ham taqdirlandilar.

Marosimda soha faxriylari, vazirlik Jamoatchilik kengashi aʼzolari hamda mukofotlangan xodimlar soʻzga chiqib, bu bayramning ichki ishlar organlari tizimidagi ahamiyati benihoya mislsiz ekanligini aytib oʻtishdi. Qolaversa bugun davlat rahbari tomonidan tizimga va xodimlarning ijtimoiy himoyasiga koʻrsatilayotgan eʼtibor ichki ishlar organlarining har bir vakili uchun yuksak faxr iftixor bagʻishlashi eʼtirof qilindi.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan oʻtkazilayotgan tantanali tadbirlar hududiy ichki ishlar organlarida ham davom ettirilmoqda.