<

Yangilik haqida batafsil

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi joriy yilning 12-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan MDHga aʼzo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi
Aug. 14, 2025

Kengash majlisida mamlakatimiz qatorida Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston respublikalari hamda Turkmaniston va Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalari, shuningdek MDHga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi direktori, MDHga aʼzo davlatlarning terrorizmga qarshi kurash Markazi rahbari va MDH Ijroiya qoʻmitasi masʼullari ishtirok etdilar.

Kun tartibiga muvofiq tomonlar, MDH aʼzo davlatlarning ichki ishlar vazirliklari hamkorligining ustuvor masalalari va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi davlatlararo dasturlarni ijrosini muhokama qildilar.

Shuningdek, tomonlar MDHga aʼzo davlatlarning ichki ishlar vazirliklari oʻrtasida ekspert-kriminalistika faoliyati sohasida hamkorlik samaradorligini oshirish, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishda axborot almashinuvini rivojlantirish, MDHga aʼzo davlatlarning yoʻl harakati xavfsizligi sohasida oliy taʼlim va qoʻshimcha taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash sohasini rivojlantirish hamda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari borasida unumli muzokaralar oʻtkazdilar.

Tadbir soʻngida delegatsiyalar rahbarlari tomonidan Kengash doirasida qabul qilingan qarorlar hamda Kengashga raislik qiluvchi tomonidan yigʻilish bayonnomasi imzolandi.

Shuningdek, nufuzli tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining Rossiya Federatsiyasi hamda Belarusiya ichki ishlar vazirlari bilan alohida ravishda ikki tomonlama uchrashuvlari tashkil etildi.

Uchrashuvlarda tomonlar huquqni muhofaza qilish sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini, jumladan transmilliy uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi hamda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish masalalarida fikr almashdilar, shuningdek mazkur sohalarda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda hamkorlik aloqalarini takomillashtirish boʻyicha istiqbolli rejalarni muhokama qildilar.

Tadbirlar doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan boʻlib, tomonlar kelgusidagi aloqalarni institutsional darajada rivojlantirishga, amaliy natijalarga yoʻnaltirilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.