<

Yangilik haqida batafsil

“Xavfsiz shahar” va “Xavfsiz mahalla”
Aug. 12, 2025

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Ichki ishlar organlarining barcha darajadagi bo‘lim boshliqlari, tuman (shahar-tarmoq) Ichki ishlar organlari boshlig‘ining o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlash uchun o‘quv kurslariga jalb qilingan xodimlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markaziga tashrif buyurildi.                                                                     

Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazining zamonaviy videokuzatuv kameralar orqali hudud xavfsizligini ta’minlash faoliyati va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, jinoyatchilikning oldini olish, jinoyatlarni issiq izidan ochish, ommaviy tartibsizliklar hamda boshqa maxsus tadbirlarda foydalanishdagi samaradorligini tahlil qilish,  ichki ishlar organlari tizimida raqamli texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari bilan atroflicha tanishtirildi. 

Tashrif davomida xodimlarga markaz faoliyati, undagi zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt asosida ishlovchi tizimlar, shuningdek, qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, shahar hududidagi turar va noturar joylarga o‘rnatilgan yuqori aniqlikdagi videokuzatuv kameralari va “Geoinformatsion elektron xarita” dasturlari yordamida jamoat joylarida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarini onlayn kuzatish, sun’iy intellekt orqali vaziyatni real vaqt rejimida tahlil qilish va ularni aniq vaziyatga mos ravishda yo‘naltirish imkoniyatlari namoyish etildi. “Xavfsiz shahar” va “Xavfsiz mahalla” tizimlarida huquqbuzarliklarni erta aniqlash hamda jinoyatlarni tezkor fosh etishda sun’iy intellektning yuzni tanish, harakat trayektoriyasini aniqlash va avtomatik signal berish kabi funksiyalari katta samaradorlik berayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, tashrif davomida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Ular, jumladan, markazdagi avtomatlashtirilgan dasturlar, ma’lumotlarni tezkor rejimda yig‘ish, qayta ishlash, uzatish, shuningdek, qidiruvdagi avtotransport vositalari va jinoyat sodir etib, tergov hamda sud organlaridan yashirinib yurgan shaxslarni aniqlashda sun’iy intellekt asosidagi avtomatik identifikatsiya tizimlarining afzalliklari bilan yaqindan tanishishdi. Bu texnologiyalar real vaqt rejimida ishlash, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish va tezkor qarorlar qabul qilish imkoniyatlari bilan xodimlarda katta taassurot qoldirdi.

Institut Matbuot xizmati