Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektor-psixologlar o‘quv yig‘ini tinglovchilari bilan “Chempionlar bilan uchrashuv” mavzusida amaliy o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Master klass shaklida o‘tkazilgan amaliy o‘quv mashg‘ulotida Vazirlik Jazoni ijro etish departamenti Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlari, safdorlar, Dzyudo-Kurash bo‘yicha sport ustasi, 4 karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempioni, Jahon chempionati ishtirokchisi, O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasi aʼzosi Asadjon Matkurbanov va Boks bo‘yicha sport ustasi, bir necha marotaba O‘zbekiston chempionati sovrindori, Xalqaro musobaqalar g‘olibi O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasi aʼzosi Xamroz Rajabboyevlar hamda Jismoniy tayyorgarlik sikli o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Chempionlarimiz, sportga kirib kelishi, sportning ichki ishlar organlari xizmat faoliyatidagi o‘rni, ayniqsa o‘zini himoya qilish borasida sportning “dzyudo”, “kurash”, “qo‘l jangi” va “sambo” turlarining usullari muvaffaqiyat kaliti ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Tinglovchilarga kurashning old va orqa tomonlarga chalib yiqitish, beldan oshirib tashlash usullarini, qo‘l jangining qo‘l va oyoq zarbalaridan himoyalanish usullarini, samboning qo‘lga olish va og‘riq berish usullarini amaliy tarzda ko‘rsatib berdi.
Shuningdek, tinglovchilarga kunlik mashg‘ulotlar qay yo‘sinda bosqichma-bosqich bajarilishi, to‘g‘ri ovqatlanish haqida maʼlumotlar berdi. Mashg‘ulot davomida tinglovchilarning qiziqtirgan savollariga amaliy va nazariy tarzda javob berildi.
Institut Matbuot xizmati