O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirokida “Sun’iy intellekt va tasvir bo‘yicha ekspertiza” mavzusida o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg‘ulotda Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va viloyati Ekspert-kriminalistika xizmati xodimlari, Malaka oshirish instituti va Akademiya professor-o‘qituvchilari oflayn, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ichki ishlar organlari xodimlari esa, onlayn ishtirok etdi.
Ushbu tadbir zamonaviy raqamli texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt imkoniyatlarini tasvirlar tahlili va ekspertiza jarayonlarida qo‘llash bo‘yicha bilim va tajriba almashishga qaratilgan.
Trening davomida qatnashchilarga kompyuter ko‘rishi, neyron tarmoqlar, tasvirlarni avtomatik tanib olish va tahlil qilish texnologiyalari haqida nazariy va amaliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Institut Matbuot xizmati